• O‘Z SO‘ZINI AYTISH ARMONI

    Murtazo aka uchun shoirlik kasb emas. She’riyati ichki bir ehtiyojning, isyonkor ruhiy kechinmalarining, yillar davomi qalbida tugilib kelgan dardning hosilasi. Dastlab achchiq, shafqatsiz, so‘ngra esa shukrkim, halovatli turmushining tarjimoni.

    Murtazo aka uchun shoirlik – qismat.

    U dastlabki she’rlaridan boshlab zamonasozlik qilmadi, tug‘yonli qalbida talotum qilgan ehtiroslarni yoshlik g‘ayrati-shijoati bilan kuylay boshladi. Dastlabki she’riy mashqlari bilan o‘zbek she’riyatining G‘afur G‘ulom, Zulfiya kabi atoqli namoyandalari nazariga tushgan yosh shoir bezovta qalbining tiyiqsiz tuyg‘ularini jilovlay olmadi. O‘sha davr ijtimoiy tuzumini qattiq tanqid qilib «Taypoq hovuz» dostonini yozadi. Tanish-bilishlariga, hamkasblariga o‘qib beradi. Doston hali chopning yuzini ko‘rmasdan yosh shoir siyosiy mahbus sifatida qamoqqa olinadi…

    Ozodlikka chiqqach, she’r yozmaslik uchun qattiq ogohlantiriladi. Bu ham yetmaganidek, O‘zbekistondan Tojikistonga surgun qilinadi.

    Murtazo aka bergan va’dasida turdi. Uzoq yillar qo‘liga qalam ushlamadi. Shoirlikni tark etdi go‘yo. Inson qalbining, ruhiyatining shifokori bo‘lmoqchi edi. Afsus… Lekin o‘ksimadi, uzlatnishinlik qilmadi.

    Shifokorlik kasbini egalladi. Yillar davomida Ko‘lob, Vaxsh, Qo‘rg‘ontepa mavze’larida minglab insonlarning dardiga shifo baxsh etdi.

    Ammo… ko‘nglini bir armon, belgisiz bir armon ezib keldi, ezg‘ilab kelaverdi. O‘z so‘zini aytish armoni…

    Zotan, Xudo bergan tuyg‘ularni odamizod farzandi jilovlashga qodirmikin?..

    Va yana qo‘liga qalam oldi. O‘ttiz yildan so‘ng…

    Uzoq muddat ruscha o‘qib, ish yuritganligi sabab fikrini o‘zbekcha ifodalashni deyarli unutib qo‘ygandi. Otameros qat’iyat va mehnatdan cho‘chimasligi qo‘l keldi. O‘qib-o‘rgandi. Keng iste’molda bo‘lmagan so‘zlarni lug‘at tuzib, o‘zlashtirdi. Bu mashaqqatli ishda unga jon do‘sti qo‘rg‘ontepalik taniqli ustoz, jonkuyar murabbiy Muhammadjon Tursunov yelkadosh bo‘ldi. Yoshi oltmishdan oshgan Murtazo aka Muhammadjon Tursunov domlaning darslari jadvalini yozib olib, belgilangan vaqtda o‘zbek tili va adabiyot darslariga qatnab, o‘quvchilar qatori til o‘rgandi. Bunday qat’iyatga havas qilsak arziydi.

    Tinimsiz she’r mashq qildi.

    Murtazo aka davr taqozosi bilan bo‘g‘ib qo‘yilgan tuyg‘ularini nazmiy uslubda ifodalaydi. O‘z so‘zini aytish, ehtiroslarini boshqalar bilan baham ko‘rish ishtiyoqida yonadi.

    Yuqorida aytganimizdek, Murtazo akaga shoirlik kasb emas, balki taqdir. Taqdirni esa tahrir qilib bo‘lmaydi.

    Abdullo ZUHUR.

  • SHUKRONA

    Vaxsh vodiysidan chiqarib ovoz,
    Yurtimning holidan berayin xabar.
    Agar baytlarimni aylasam og‘oz,
    O‘qigan ko‘z yoshin tiyolmas magar.

    E’tiqodu maslak bo‘lib bahona
    Qirg‘in chiqdi – elning ezildi bag‘ri.
    Vatan xarobaga aylandi butkul,
    Badbaxtlik baxsh etdi urushning jabri.

    Xaloyiq kezindi sarson, darbadar,
    Ozurda dillarning tuganmas ranji.
    Og‘akush jang berdi eng yomon samar,
    Zavol topdi tinchlik – elimning ganji.

    Iramdek bog‘lari bo‘lganda payhon,
    Diydalar qon to‘kib, ezildi qalblar.
    Falakning gardishi solganda dahshat
    Daryolar qontalash bo‘lib oqdilar.

    Odamzod jasadin burda-burdalab,
    Tantana qilishdi o‘laksaxo‘rlar.
    Terilarin shilib, qulog‘in kesib,
    Nokaslar yetkazdi jabru ozorlar.

    Bag‘irlar tirnaldi murtad dastidan,
    O‘ta mahzun edi dard to‘la dillar.
    Ertaga ne bo‘lar – bilmasdi hech kim,
    Shodlikni bilmasdi o‘ksuk ko‘ngillar.

    Azador qochoqlar qaqshab-qaltirab
    Najotni kutishdi Parvardigordan.
    Ovvora kezdilar o‘zga yurtlarda,
    Qalblar zardob edi g‘amu ozordan.

    Yo‘qchilik, judolik, g‘ariblik umri,
    Tugayotir, aql – sohibi minbar.
    Vahdatdan Vatanning ertasi nurli! –
    Deb chorlar yurtboshi – Rahmonov sarvar.

    Vahdatni qo‘lladi Abdullo Nuriy,
    Elning tinchi, yurtning istiqboli-chun.
    Ham debki: totuvlik – xalqning chin yo‘li,
    Milliy yarash etgay elni bir butun.

    Vahdat taraqqiyot imkonimizdir,
    Vahdat – orzularning naqd natijasi.
    Vahdat e’tiqodu imonimizdir.
    Vahdatda ushalar niyat barchasi.

    O‘tgan har kunimiz – bitta zarvaraq,
    Zarvaraq mazmuni – inson hayoti.
    Bugun bizlar tushgan serhasham zavraq,
    Eshkagidir bozor iqtisodiyoti.

    Yurtga mustaqillik – gul ochgan orzu,
    O‘tish davri – bizga notanish ko‘cha.
    Undan kimdir tole’ topganu rozi,
    Va yana bu yo‘lda dovdirar necha.

    O‘tish davri degan muddat – shafqatsiz,
    Hukmini o‘tkazar – chidaymiz nochor.
    Har sohada bo‘hron yuz berar hadsiz,
    Ishsizlik, yo‘qsillik, mashaqqatlar bor.

    Sarvarimiz fayzu barakatidan
    Nizo va adovat topdi intiho.
    Xushxabar tarqaldi har tomon nurday,
    Barqaror osoyish, yurtda ittifoq.

    Payg‘ambar misoli oyoqqa turib,
    Najotkor xil’atin tashlab yelkaga.
    Yuzma-yuz xalqi-la so‘zlashdi borin,
    Tan oldi: mashaqqat tushmish chekiga.

    Oqillik har qachon oqlagan o‘zin,
    Yurtboshi imzolar qutlug‘ farmonni:
    «Yetmish besh ming ga. yer dehqonga tekin…»
    O‘shandan buyon el to‘yib yer nonni.

    Tahamtan Rustamdek ishga kirishib,
    Bergan va’dalarin bajardi barin.
    Xalq uni qo‘lladi, u esa xalqni,
    Dadil qadam tashlab kelajak sari.

    OON minbaridan so‘zladi takror,
    Tojikning jahonga yoydi nomini.
    Ahli jahon qutlar bugun bizlarga
    Xudoning baxsh etgan bu in’omini.

    Pomir tog‘larida mo‘’jizali suv
    Tenglashar taqqosda quyosh nuriga.
    Falak ham tan olgan Sarezni – suluv,
    Suvi umr qo‘shar odam umriga.

    Dedi u: sog‘liqni saqlamoq lozim,
    Avaylamoq lozim butun dunyoni.
    Tejab ishlatilsa, ichimlik suv-la
    Serob qilish mumkin butun jahonni.

    Yurtboshi aqlidan yaralgan vahdat,
    Udir xalqimizning madadbardori.
    Vahdat erur asli ilohiy bir baxt,
    Vahdatda nizoning tugar madori.

    Tabarruk g‘oyasi qalbimizda jo,
    Bu g‘oya bizlarga keltirar zafar.
    Taqdirga shukrona aytamiz mudom,
    Nasib etdi bizga donishmand rahbar!

    Yosh-qari minnatdor qilishar izhor:
    «Rahmonov oyoqqa turg‘ozdi bizni!»
    Ey, elimning jasur yalovbardori,
    Baxtimizga Xudo asrasin Sizni.

  • NAFOSAT KARVONI

    (Qo‘shiqchi Sh. Jo‘rayevga)
    Qo‘shiq olamida shuhratli hoqon,
    Kuy-qo‘shiq mulkida hech tuganmas kon.
    U kuylasa qalblar titrar beomon,
    San’atiga qoyil: olqishlar zamon.

    Ovozi mudragan dilni uyg‘otar,
    Kuylari sharqiroq soydayin oqar.
    Uni Aynul Hayot bulog‘i derlar,
    Sherali qo‘shiqla dunyoga boqar.

    Qo‘shig‘in mag‘zida qalblar nidosi,
    Kuylasa, gul ochar quvonch dunyosi.
    Kuylasa, tosh qalblar eriydi mumdek,
    Shunday qo‘shiqchining jonim fidosi.

    Navoiy hasratin aytolgan Sher u,
    Munglining ko‘nglini ko‘targan er u.
    Qo‘shiq-la dillarni dillarga bog‘lab,
    Insonni baxtiyor ko‘raman der u.

    Sherali qo‘shig‘i musaffo tongdir,
    O‘zlikning ma’nosin anglatgan ongdir.
    Orzusiga orzu, xastaga jondir,
    Jahonda o‘zbekka abadiy dongdir.

    Firdavsiy, Sa’diy, Jomiy, Navoiy
    Basharning baxtidir, takrori – bo‘lmas.
    Mumtoz Sheralidek sohir qo‘shiqchi,
    Dunyo sahnasiga ming yilda kelmas.

    Erkinu Abdulla, Muhammad, Shodmon,
    Elimga erurlar tuhfai davron.
    O‘shbekka Karimov sarvari a’zam,
    Sherali – nafosat yuklangan karvon.

  • TAQDIR

    (Avtobiografik doston)

    KIRISH

    Yoshligim – oltin davrim, orzular og‘ushida,
    Yonardi dil hapriqib, hurliqolar qoshida.

    Tiriklik tashvishlari o‘zgalarga yor edi.
    Menga hamdam dardi ishq – chamanda gulyor edi.

    A’lo bo‘lsa o‘qishim, – derdim, – dorulfununda,
    Va yana yor vasliga musharraf bo‘lish kunda.

    Tahsilimni tugatib, shifokor bo‘lay derdim,
    Dardliga malhami jon bo‘lmoqning g‘amin yerdim.

    Derdimki, kamolimdan quvonsin qadrdonlar,
    Va yana aka-uka, hamqishloq mehribonlar.

    Xullas, orzu yo‘lida ko‘p taloshim bor edi,
    Bu olam ko‘zlarimga bog‘ edi, gulzor edi.

    Ne bilay bu hayotning mojaroga konligin,
    Quvonchni g‘amga burish ishida chaqqonligin.

    Ham yana siyosatu pulparastlik g‘arazin,
    Erkin fikr qasdiga yaratilgan qafasin.

    «Boshga tushsa ko‘z ko‘rar» qabilida ish bo‘ldi,
    Bir tasodif boshimga alamli tashvish bo‘ldi.

  • Страница в разработке

  • 1-bo‘lim

    UR-URLARDAN NASIBA

    Kupa-kunduz. Soat uch. Tramvayda yonma-yon,
    Gul-gul yonib so‘ylaydi orzularidan jonon.

    Bir bekatdan chiqishdi besh-o‘ntacha yo‘lovchi,
    Yosh edilar, olifta, beparda so‘z so‘zlovchi.

    Unga-bunga turtinib, qizlarga shilqimlandi,
    Bezoriliklaridan ko‘p vijdonlar qiynaldi.

    O‘zaro gapi qochib, boshladilar ur-yiqit,
    Oyoq ostida qoldi qon tupurib ko‘p yigit.

    Yo‘lovchilar rahmdil: tinchitmoqchi bo‘ldilar,
    Men ham bordim ko‘makka, jangarilar ko‘ndilar.

    Navbatdagi bekatda kutib oldi milisa,
    Hujjat qildi birma-bir yo‘lovchilar, ne desa.

    Bezorilarni so‘ngra tramvaydan tushirdi,
    Sen ham yur deb, otdelga, yelkamga bir musht urdi.

    Gulsanamim yalindi, kor etmadi ko‘z yoshi,
    Qochmoqchiydim «churr» dedi, yetdi necha yo‘ldoshi.

    Nochor qolib xayrlashdim sevikli sanam bilan,
    «Do‘stlarimga ayt!» — dedim dil to‘la alam bilan.

    Otdeldagi qafasda o‘shal oqshom qon yutdim,
    Bunday «nasiba»dan tez qutulishga ko‘z tutdim.

  • SUHBAT

    Tun. Ziqna xomushlikni hovuchlagan kamera,
    O‘kinch to‘la xayollar tutqich bermaydi sira.

    Shift ko‘kida miltirar zanjir changalda chiroq,
    Kezar uyqu kaptari ko‘zim domidan yiroq.

    Yarimladi qora tun. Ezg‘ilagan oromim,
    Qo‘qqis eshik ochilib, dag‘al aytildi nomim.

    –Student Murtazo, suhbatimiz bor picha,
    Tong-la javob bo‘lursiz, oyoqqa yetdi kecha.

    «Suhbatxona» – yorug‘ joy, Dzerjinskiy devorda,
    Qog‘oz, qalam, portsigar, magnitofon stolda.

    Ust-boshlari xo‘p bashang, yelkasi qo‘sh yulduzli,
    Bir yigit qarshi oldi, birmuncha iliq so‘zli.

    –Vazifamiz asli shu: aniqlash sabablarni,
    El tinchin buzib kimlar boshlar to‘polonlarni?

    Bir guruh bezorilar mushtlashmish tramvayda,
    Siz ham bo‘lgan ekansiz o‘shalarning safida…

    O‘zim ko‘rgan ahvolni so‘zladim xolisona,
    Xodim jiddiy bir tusda tutdi savolga yana:

    –Shoirtab’ ham ekansiz, ko‘rdim bitganingizni,
    O‘qish uchun, ayting-chi, kimga tutganingizni?

    Oshiqona she’rlarni mohirona bitgansiz,
    Ilhom shavqida goho o‘zni ham unutgansiz.

    O‘qiyman: «Sen bahorsan, bahrim ochar xush sabo,
    Labing uzra qaro xol shavqim ko‘zg‘ar, dilrabo.

    Bog‘larim fayzi o‘zing, ham umrimning bezagi,
    Hurliqolar a’losi bu mushkin olam aro.

    Zulmatu nur hamrohim sog‘inch ila yonganda,
    Firoq dardi ayladi visol yo‘lini qaro…

    Yoki: «Hur Vatanim gul ochadi har sohada,
    Bog‘lari mushk taratar subhidam shabodada.

    Ilm-hunar sharofati yurtim obod ayladi,
    Gulday bo‘lib chiroyi, dillarni shod ayladi.

    Ilich nuri ham yo‘lni, ham ongni nurlantirdi,
    Ilich fikri xush hayot sariga ruhlantirdi…»

    Ash’orlaringiz o‘qib, tahsinlar dedim chindan,
    Kelgusida zo‘r shoir chiqadi albat sizdan.

    –Maqtovga rahmat, aka, hozircha havaskorman,
    Ezgu orzu yo‘lida tunu kunlar bedorman.

    Elu ishqqa sadoqat ramzi muhabbatimdir,
    Vatanim ham partiya borligi chin baxtimdir.

    Deya oldim xodimning maqtovlariga erib,
    Go‘yo she’rim so‘zladim hayajonga berilib.

    Xodim bir oz o‘zgardi, ijirg‘andi, to‘lg‘andi,
    Rangi uchib negadir, ko‘zlari sovuq yondi.

    –Yozganingiz barchasi ta’rifga loyiq emas,
    Mazmunini tushungan oqil hech rahmat demas:

    «Markazkom kotiblari buzar axloq normani,
    Hech tortinmay olarlar «sovg‘a» deya porani.

    Qarindoshdir yon-atrof: avjida to‘rachilik,
    Xalq ishiga sohib yo‘q – boq: o‘zi bo‘larchilik.

    Sotsialistik tuzumni boshliqlar buzyapti,
    Tanazzulga yuz tutdi – xalq umidin uzyapti.

    Tilda shior quruq so‘z-mazmunsiz baland xitob,
    Mansabdor – jinoyatchi, partiya nomi niqob.

    Qonunga xilof ishlar ro‘y beradi har lahza,
    Sir qoladi yopig‘liq – amaldorlarga maza.

    Chunki g‘oyat mustahkam hamtovoqlik zanjiri,
    Markazkomda bor dohiy – qonunbuzarlar piri».

    Va shunga o‘xshash yana to‘hmat to‘la valdirash,
    G‘arazli ta’na-dashnom pok dillarga solar g‘ash.

    Kechagi mushtlashuvlar unutilar – o‘tkinchi,
    Lekin bunday she’rlardan buzilar davlat tinchi.

    Sho‘ro tuzum davlati taypoq hovuz misoli,
    Sinovlardan o‘tolmay, buhronga duchor holi…

    Gap boshqayu ish boshqa bo‘lib qoldi oddiy hol,
    O‘g‘ri topdi e’tirof – kun ko‘rish pokka mahol.

    Siyosatga zid gaplar qutqularga chorlovchi,
    Buni o‘qib ko‘payar sho‘roni xorlaguvchi.

    Rostiga ko‘chay endi bunday og‘ir gaplar-chun,
    Qonun qo‘li shafqatsiz, ishga solar bor kuchin.

    Xalq dushmani bo‘libsan, joying turma umrbod,
    Yurtdoshlar osoyishi sen tufaylidur barbod.

    Sho‘ro tuzum non berdi, etdi ilmga yo‘ldosh,
    Partiya ko‘rsatmasi taqdir yo‘liga nurposh.

    Vatanga rahnamodir chinakam fidoyilar,
    Buni anglamas shakkok – imkonidan ayrilar…

    Pul, konspekt, portfelim ajratildi bir tomon,
    She’r-mashqlar daftarim joylandi seyfga ravon.

    Xato qilib qo‘ydimmi, nahot adashgan bo‘lsam?
    –Boplabsan-ku rosa, — deb maqtagandi Gulsanam.

    Taqdirimning ertasi dahshatga soldi meni,
    Yuzim bo‘ylab daryodek ko‘z yoshlarimning seli.

    O‘qishim nima bo‘lar? Akamning mehnatlari,
    Besh bola rizqin qiyib, bir meni boqqanlari.

    –Qamalibdimi? Nega? Bormi biron balosi?..
    O‘tdi dildan bir onda mudhish fikr hammasi.

    Qamoqxona eshigin Gulsanamim chertarmi?
    Yoki gulday yorimni bir begona eltarmi?

    Bo‘sa talab yellarga gulg‘unchalarning nozi,
    Sehrladi borlig‘im dardli bulbul ovozi.

    Oqshom ko‘kni munavvar eta olgan suluv oy,
    Yurtim chamanzoriga baxshida etgan chiroy.

    Jajji jiyanchalarim o‘t-olovdek sho‘xligi,
    Madhiga g‘azal bitgan Samarqandning ko‘hligi.

    Daryolarning shovulloq allalovchi qo‘shig‘i,
    Chaqmoq yulduz sayrgohi – moviy osmon bo‘shlig‘i.

    Maktabdoshlar, ustozlar suhbatining lazzati,
    Domi ishqqa asira suluv qizning ilk xati?

    Aka-uka, xeshlarning intiq to‘la sog‘inchi,
    O‘t nafas oshiqona she’rlar – ko‘ngil ovunchi.

    Mensiz g‘arib, shaydosiz, nahot qolsa mung‘ayib,
    Degan o‘ylar bag‘rimni kemirdi o‘yib-o‘yib.

  • ILTIJO

    Pagonli amakiga yolvordim takror-takror,
    Yig‘lab-yig‘lab ayladim iltijolarni qator:

    –So‘zlaringiz dahshatli anglab yetdim, amaki,
    Partiyamiz sha’niga she’rlar bitibman chakki.

    Tavbam chindir, inoning, qo‘limga tutsam qalam,
    Buzsam ahdni, bir umr motam bo‘lsin nasibam.

    Yo kesing qalam tutgan ushbu sarkash qo‘limni,
    Yo sug‘uring tilimni, yo ushating belimni.

    Rahm aylang, urushda qurbon bo‘lganlar otam,
    Erta eltgan onamni tuproqqa g‘ussayu g‘am.

    Yetimlikning changali jabr qilgan ayovsiz,
    Ota-onasiz onlar bo‘lmadi menga ohsiz.

    Dard ko‘rmasin boshingiz, g‘o‘rman, qo‘llang, amaki,
    Partiyamiz sha’niga degan so‘zim xashaki, —

    Ko‘sh yosh ila iltijom nishonga to‘g‘ri tegdi,
    Taqdirim sohibining irodasini yengdi.

    Ko‘ngli bir oz yumshadi, chehrasi ham ochildi,
    Qaytarib narsalarim, ushbuni ta’kid qildi:

    –Konspekt, portfelni olingu, tilxat yozing,
    Mashqlaringiz qoladi, qadamni bilib bosing.

    Temir sandiq, javoni zich yopildi tiqqa-tiq,
    Na chora, xunob ko‘ngil o‘z holiga bo‘ldi ziq.

    Xayrlashdim shoshilinch, ming shukr: erk o‘zimda,
    Yotoq tomon uchdim men, yosh charx urib ko‘zimda.

  • II – BO‘LIM

    Yo‘l topolmas shikoyat siz ko‘zlagan manzilga,
    Rahbar so‘zin rad etgan yovdir sotsializmga.

    Raykom, Obkom, Markazkom boshqarar fikrlarni,
    Jazolaydi ayovsiz ongi qoloq «kir»larni.

    –Ziyoliyu dehqon xalq – fikri buzuq toifa,
    Nazoratni susaytgan! – obkom gapi har daf’a.

    Ulug‘lashga munosib sho‘ro tuzum, partiya,
    Dushman o‘sha – tanqid so‘z desa ular sha’niga.

    Bilib bo‘lmas hayotda kim haromu kim halol,
    O‘g‘ri topib e’tibor, kun ko‘rish pokka mahol.

    Bu yo‘sinli siyosat dilda nafrat o‘yg‘otdi,
    Qo‘lga qalam tutdirib, meni ijodga tortdi.

    Xom sut emgan bandaman: yakson bo‘ldi ahdlarim,
    Sho‘ro, firqa sha’niga tanqid to‘la gaplarim.

    Bezovta tepib yurak, tinchlik bermas, beshafqat,
    El ichra tarqab ketdi – yozganlarim haqiqat.

    «Erkinu obod dunyo!» – yetmish yillik shiori,
    Yashnaganmish azaldan Sovetlarning diyori.

    Qog‘ozda ham og‘izda qadrli inson sha’ni,
    Bu gaplarga hayron el: hayotda amal qani?

    Sho‘ro tuzum tartibi Komfirqaning izmida,
    Quluqchi, yugurdaklar rahbarlikning tizmida.

    Siyosiy Byuro hukmi kimlargadir asqotdi,
    Kimgadir shu dunyoda chindan jannat yaratdi.

    Elning guli – fikri hur, olim, shoir, san’atkor,
    Darbadar o‘zga elda-yurtda aql bo‘lgach xor.

    Hayoti tinch, vaqti chog‘, qorni to‘qlar sanoqlik,
    Ming-minglarning tolei tasodiflarga bog‘liq.

    Nopok rahbar – bemalol umri o‘tar aysh surib,
    Xalq mulkini qiladi hech o‘lchovsiz tasarruf.

    Xotin-qizlar taqdiri o‘yinchoq go‘yo unga,
    Suluv, silliq xonima talab qilar har tunga.

    Jinoyatchi xotirjam: qo‘l kelar unga pora,
    Yirikroq uzatilsa «katta» topadi chora.

    Tama’, shuhratparastlik insonni etdi yovuz,
    Sho‘ro tuzum-sayoz gap, misoli taypoq hovuz.

    Ishondik va’dalarga – fidoyimiz Vatanga,
    Komfirqamiz maqtovda, «mehr» sochar olamga.

    O‘zimizcha g‘urur-la she’r bag‘ishlab panada,
    Ba’zi do‘stlar qayraydi: tanqid ortsin yanada.

    Iste’dodni xalqimiz baxtiga bag‘ishlang der,
    Sovet tuzum sha’niga tanqidni olqishlang der.

    Do‘stlikning ramzi emish gerbdagi o‘roq-bolg‘a,
    Kim-kimga do‘st ekanin, el orala, so‘roqla.

    Gap o‘rgatar nechalar astoydil o‘ngu so‘lda,
    Tanqidiy she’rlar bitdim g‘ayrat-la qalam qo‘lda.

    O‘zim guvoh: bor edi Azim Hayit degani,
    Obkomning u boshlig‘i, tuzgan qora rejani.

    Zo‘r edi rahbarlikda, qildi ko‘pni aybdor,
    Necha pokdil bo‘lib hibs – turma undan minnatdor.

    Dam olar osobnyakda, xizmatida kanizak,
    Bo‘liq boldir, tik ko‘krak hordiqqa emish gazak.

    Siyna aro sizganday Eram bog‘in bulog‘i,
    Ko‘rkam ko‘krak dirkillab havasni tortgan chog‘i.

    Go‘yo u-chun bu gulni yaratgan jannat bog‘i:
    Qamashtirar nigohni boldir, quyruq o‘ynog‘i.

    Qizlar qaymoq tanasi vujudni yondirsa ham,
    Goh keksalik pand berar – Hayitga qilar alam.

    Shuhratli kurortlarda bor erur xosxonasi,
    Zor kutardi tashrifin har kurort jononasi.

    SK – xodim qo‘msadi Qora dengiz sohilni,
    Hamroh bo‘ldi uch go‘zal – noqonuniy xotini.

    O‘n to‘rt yoshli Oftobxon, ham Kumushoy o‘n beshda,
    O‘n yettini to‘ldirgan Farishtamoh shu qishda.

    Azim Hayit ardoqda: Kumushsanam: «Graf» der,
    Oftobbonu gal kelsa der uni «Impirator».

    Bo‘sa shirin ham asal Oftobbonu qoshidan,
    Pul shopirar «Graf»boy Kumushoyning boshidan.

    Farishtamoh suyadi: siz mangu hoqonimsiz,
    Umrimga vafo ramzi: yurib turgan qonimsiz.

    Zo‘rniki zo‘r-da ko‘ring, tegirmon tosh bo‘y egar,
    Undan xonimchalarga pulu sovg‘alar tegar.

    Umrida og‘ir mehnat ham oftobni ko‘rmaslar,
    Tanin qo‘yar garovga vijdoni uyg‘onmaslar…

    Mehnat, ijod – hamrohim, umrim o‘tmas bekorga,
    Yozganimni tutaman Shodi, Durdi hamkorga.

    Bosh hakamim o‘shalar – yozganim topar qadrin,
    Maqtovlarga ko‘marlar yozganlarimning barin.

    Ta’riflar ilhomimga bag‘ishlaydi o‘sh qanot,
    Sho‘ro tuzum illatin hajv etardim botma-bot.

    Ne ko‘rgulik edi bu: KGB kishanladi,
    Zo‘rlik, tahqir chayoni jigarimni nishladi.

    Ikki oycha zim-ziyo yerto‘la makon bo‘ldi,
    Haqsizlikning changali ko‘p ozori jon bo‘ldi.

    Qo‘lda kishan, dilda g‘am, borlig‘im abgor edi,
    Bir kun tong-la soqchilar Obkomga meni eltdi.

    Dahshat solar yurakka Obkomning koshonasi,
    Zulm saltanatining shunda go‘yo poyasi.

    Qora charm qoplangan eshik ochdi dargohin,
    Ichkarida uchratdim ushbu dargohning shohin.

    Og‘zi to‘la tilla tish, nigohda qudrat, kibr,
    Sust bosib vujudimni, qaltiroq tutdi dir-dir.

    Murodovdir Obkomning zolimlarin sarvari,
    Yaraladi qalbimni so‘zlarining zahari:

    –Tik turgin, masovlanma, o‘zboshimcha enag‘ar,
    Qasambuzar sha’niga azaldan la’nat yog‘ar.

    Qalam olib qo‘lingga, fahmsiz, ho‘kkizmijoz,
    Komfirqani yomonlab qoraladingmi qog‘az?!

    Tuyog‘ingni kesaman, har amrimga intizor.
    Bilasan-ku: sendayga loyiq Qorovulbozor! 1

    –Xo‘sh, gapir, eshitaylik: ig‘vo, to‘hmat ne uchun?
    Partiyani qoralab, olasan kimning o‘chin?

    Viloyatdan Markazga yumaloq xatni takror,
    Imzosiz bitib yo‘llab, etding barchani bezor.

    Sendayin ig‘vogarga yo‘q o‘rin oramizda,
    Erkning qadrin anglatgich joyga yuboramiz-da…

    Guvoh – hamkasbim Durdi ham Shodijon ulfatim,
    Sirdoshlar, «ko‘magi»-la naqd bo‘ldi-ku kulfatim.

    Ikkisi ham jilmayib: «rost, — dedi, — qo‘yilgan ayt,
    Jilovlansinki, duxtur ketdi juda taltayib».

    «Katta» hamda xoinlar quydilar yakkalatib,
    Ammo shoir do‘stlari turmadilar tosh qotib.

    Ne sababdan bu damlar haqiqat himoyasiz,
    Haqiqatni tepkilib, etmishdirlar soyasiz!

    Haqiqatdan alkimga pok yuragi o‘rtanib,
    So‘zlay ketdi chidolmay Sharifi Rauf yonib:

    –Tarixda ko‘p misollar, shunday kelgan azali:
    Zo‘rning o‘tgan da’vosi, bo‘lsa hamki g‘arazli.

    Hamkor menga Murtazo, g‘oyat halol shifokor,
    Shoirlik qalami bor, g‘irramlikdan etar or!

    Uchratmadim xulqida to‘hmat, g‘iybat, ig‘voni,
    Yaratgan ham kechirmas yuklasak yo‘q gunohni.

    Murtazoning kulfati kimlarnidir etsa shod
    O‘ylang, o‘rtoq birinchi, zavol topgay iste’dod.

    Keng yo‘l bering shoirga, orzulari gul ochsin,
    Uning ma’rifatidan ongdan jaholat qochsin…

    Rauf Sharif so‘zlari ko‘plarga ta’sir etdi,
    Ammo Murodovni-chi juda xunuk esnatadi:

    Jimlik cho‘kdi oraga, sukut hukmron butkul,
    Lab ochadi insofdan Xolmatov Musulmonqul:

    –Tuproq-qarindoshimiz, chorlar bir kun bag‘riga,
    Yorug‘ dunyo tashvishin barham berar bariga.

    Ustun bo‘lgan emas-ku Dunyo toqiga inson,
    Dorul fanoga ketgan barcha ham bo‘lib bir son.

    Kashonalar g‘animat, qulaydi kelsa oni,
    Kim edi-yu ne bo‘ldi chingizxonlarning nomi.

    Imkoni bor hozircha, siz bo‘lib saxiy quyosh,
    Yo‘limizni, yoriting, bahra olsin qari-yosh.

    Zulm yo‘li ko‘p bo‘lar, ko‘pga tegar kasrati,
    Undan oshar elimiz ziyolisin hasrati.

    Ziyolilar sarasi qishloqdoshim Murtazo,
    Qoralamang, aybsizdir, loyiq emas hech jazo!

    Firqa quli – qodir, beqiyos qulluqchisi,
    Chin do‘stlar o‘gitidan o‘zgarib yuzin tusi.

    Qutirib, sochib, tupuq, g‘azab ichra so‘z qotdi,
    Go‘yo har bitta boshga ajal eltar tosh otdi:

    –Suyaksiz tilingni tiy, akkilama, sabaka,
    Buncha qaltis so‘z ayting, sen vatanso‘ymas haqqa.

    Komfirqa ta’limoti hayf subutsiz durakka,
    Joylarning temir qafas, dardingni ayt falakka!

    Yakun yasadi-yu katta va ayladi ishora,
    Qizil shapka yugurdak g‘oyat chaqqon shu ora.

    Shoir qo‘lin qayirib, urildi po‘lat kishan,
    Toptaldi adolatu xo‘rlandi insoniy shan’!

    1 Qorovulbozor – o‘sha paytlardagi o‘ta qittiq rejimli qamoqxonalardan biri.

  • III – BO‘LIM

    QAMOQ

    Mashina eltmoqda yangi manzilga,
    Yonimda soqchilar. Qulflangan katak.
    Hech kimsa e’tibor etmas arzimga,
    Ko‘ru kar bo‘lmishdir go‘yoki falak.

    Notanish ko‘chada kezganday go‘yo,
    Hadiklar girdobi qiynaydi meni.
    Mashina yelmoqda, jizillar sahro,
    Yuzlarni kuydirar cho‘l garmseli.

    Mashina to‘xtadi cho‘lning qa’rida,
    Bahaybat bir qo‘rg‘on ochdi eshigin.
    Qishloqjoy ko‘rinmas yoni-verida,
    Biz kirdik. Darvoza yopildi sekin.

    Qo‘rg‘on ichi xuddi shaharga o‘xshar,
    Qit’alar ajralgan, simi tikanli.
    Haybati dilingga qo‘rqinchlar qo‘shar,
    Kalimaga kelmas insonning tili.

    «Nachalnik» zotining urug‘i serob,
    Ko‘plari xumraygan, nigohi zahar.
    Go‘yoki bu maskan mahsuli – ozor,
    O‘zaro qo‘pollik yurakni ezar.

    Bu «yangi dunyo»da yangi tanishlar,
    Batamom o‘zgacha qonun hukmron.
    Mahkumlar chekida eng og‘ir ishlar,
    Bosh tortgan bu yerda topmaydi omon.

    Hibsxona hayotin bo‘lmas maqtovi,
    Ming-minglab insonlar totgan ta’mini.
    Nechalar to‘kilgan kelmayin dovi,
    Nechalar qaytoldi yengishgach g‘amni.

    «Ichkari» ahvoli – yashash-chun kurash,
    Jinoyatlar turfa, turli toifa.
    Qotillar ham bordir, bordir alamkash,
    Yaxshiga yo‘liqmoq – tole’dan to‘hfa.

    Keksalar gapi bor: hazar yomondan,
    Yaxshini qidirdik – topildi ular.
    Do‘st etdi og‘ir kun bizlarni jondan,
    Suyandik o‘zaro har shomu sahar.

    Asan og‘a – tatar, so‘lim Qrimdan,
    Ota-bola yanglig‘ edik ikkimiz.
    Sasha Harnis – grek, ogoh sirimdan,
    Mjavanadze bilan birday fikrimiz.

    Koreyets, belarus, tojiku, turkman,
    Chukcha, arman, eston, moldavan, cherkas…
    Xalqlarning farzandi bo‘lmish bevatan,
    Ko‘pchilik mahbusni qamatgan – g‘araz.

    Lagerda maktab bor, medxizmat a’lo,
    Hunarsizga hunar o‘rganish imkon.
    «Stukach»1 ga-chi, har on ehtirom ravo,
    Tenglik, do‘stlik haqda shior farovon.

    Yumush ham yetarli, g‘oyat xilma-xil,
    Tosh-shag‘al qorishu, poydevor quyish.
    Kimgadir qurilar muhtasham manzil,
    Bor edi och ishlash, quyoshda kuyish.

    Qoq suyak jussalar, diydalar nursiz,
    «Ichki» qonunlardan poymoldir g‘urur.
    «Paxan»lar amriga bo‘ysunmoq so‘zsiz,
    Faqat «Stukach»lar kun ko‘rar mag‘rur.

    Tahqirga mahkumdir bo‘lsa ziyoli,
    «Paxan»ning g‘azabi ayovsiz g‘ajir. –
    It azob kechardi ularning holi
    Hardam shafqatsizlik – hukmron zanjir.

    Hurfikr kim bo‘lsa – qasdi «Stukach»,
    Dahshatga soladi beg‘ubor qalbni.
    Xudkushlik niyati maqsad etilgach,
    Stukach har doim berar madadni.

    O‘zicha qadrining himoyasini,
    Izlasa birma-bir adolattalab.
    Topibon o‘limning xufyonasini,
    «Stukach» ko‘rsatar taxminu sabab.

    Shafqatsiz «xoxol»lar – beboshlik ramzi,
    Gap qaytarganlarning quriydi sho‘ri.
    «Xoxol»2 lar jabridan so‘nganlar ozmi,
    Himoyasizga u – go‘yo och bo‘ri.

    «Paxan», «Xoxol», «Stukach» – hokimi mutlaq,
    Xuddi Sho‘ro tuzum «Troyka»si ular.
    Kazarma hayoti g‘urbatlarga g‘arq,
    Zulmiga yo‘liqqan qulday bukilar.

    Ularning amali: shubha uyg‘otish,
    Tahlika, vahima qo‘zg‘atish dilda.
    Do‘stlik haqda so‘zlab yolg‘on gap sotish,
    Yovlashtirar elni zaharli tilda.

    Kazarma «shef»lari qo‘ygan talablar,
    «Grajdanin boshliq»qa asosiy qonun.
    Ular izmidadir: kaltak yer kimlar,
    Kim och-nahor yurgay, ololmay nonin.

    Kimlar «xotin» bo‘lgan, kimlardir «kuyov»,
    Kimdir o‘zin tortar sirtmoqqa – qotil.
    Kimgadir shohona hayotdir siylov,
    Kimlardir alamdan chaynab tishlar til.

    Kimga sutkada o‘n olti soat ish:
    Jizilloq oftobda asfalt to‘kadi.
    Non yesa, ichsa suv – shugina tashvish,
    Goho toleini yig‘lab so‘kadi.

    «Paxan»lar, «xoxol»lar bergan farmonni,
    Ijrosi majburiy, so‘zsiz muqarrar.
    Bo‘ysunmas insonning to‘kilar qoni,
    Ajal changalidan ajal qutqarar.

    «Igna-la yozilsin!» – degan bandi bor,
    «Yozilmagan qonun» ko‘rsatmasida.
    Naqshlar aks etar yetkazib ozor,
    Qaysarlik qilganning pok tanasida.

    Erkaklik a’zongda bo‘lmasa «Ushka»:
    «Kukuruz, Rodinka»3 kabi nishona.
    «Petux»4 deb aytarlar tutishib mushtga.
    Erkak deb atalish senga begona.

    «Petux»lar kosasi, yotog‘i o‘zga,
    Shug‘liyu-amali bo‘lar boshqacha.
    Jamoat jam joyda ko‘rinmas ko‘zga,
    Pardozlab yuzini, terar qoshgacha.

    «Petux»likni eplab, «kuyov»lar ko‘nglin,
    Ololmagan inson nasibi jazo.
    Ba’zilar topolmay qutulish yo‘lin,
    Joniga qasd etar va ham hokazo…

    Ko‘rdim, kuzatdim men barcha dahshatni:
    Kazarma hayoti – do‘zaxdan ustun.
    Osmondagi bulut, bulut emasdir,
    Xorliklar ohidan o‘rlagan tutun.

    Tahqir, haqoratlar iskanjasida,
    Bor jon saqlaganlar vijdoni uyg‘oq.
    Adashmas odillar haq ko‘chasida,
    Yaxshini qo‘llashib bo‘lishgan o‘rtoq.

    Qalamkash edim men – to‘hmat qurboni,
    Sobitu sodiqlar tutdi qo‘limdan.
    Eng og‘ir damda ham asrab vijdonni,
    Toymadim, tonmadim tutgan yo‘limdan.

    Biri akam bo‘ldi, birisi ukam,
    Xavflardan vaqtida etishdi ogoh.
    Xoinlik vajidan edik xotirjam,
    Qurbon ham berardi safimiz goh-goh.

    Hunarim – vrachlik, necha bemorlar,
    Dardini aritdim, topdilar orom.
    Yordamimga muhtoj yuz-yuzlab «zo‘rlar»
    Yovuzlarni kasbim menga qildi rom.

    –«Jinoyat kodeksin senga qo‘llangan,
    Moddada jazoning muddati qisqa, —
    Der edi qonunni yodaki bilgan, —
    Lekin qutulmoqning chorasin ista!

    Bilishimcha, menga berilgan muddat,
    Uch yildir nomiga, asli bir umr.
    Tuzumga xavflimish emishman, murtad,
    Siyosiy mahbus deb qilinar zuhur.

    Turmadan-turmaga o‘tar bundaylar,
    Muddat tugasa-da, ochilmas eshik.
    Erkni kutib tugar necha yil, oylar,
    Sabr vujudi ko‘z – yuz mingta teshik.

    Biroq yillar o‘tar, umrlar bitar,
    Belgilangan uch yil topmas intiho.
    Qavmu qarindoshing zoriqib kutar,
    Bilishmas joningdan bo‘lsang-da judo.

    Taqdirga tan berdim, ammo vijdonim,
    O‘rtanib, qovrilar iztiroblardan.
    Va kim xursand ekan bulg‘ansa nomim,
    Ne uchun?! – deyilgan ko‘p xitoblardan.

    Ish joyim, obro‘yim – bor edi bari,
    Tirikchilik uchun chaqam yetardi.
    Hech kim-la emasdim zarra teskari,
    Xizmatimdan barcha rozi ketardi. –

    Shu yanglig‘ savollar qiynardi tun-kun,
    Chin do‘stlar yupatib, berardi dalda:
    –Oh-vohlar foydasiz, iloj top, tutqun,
    Yosh umring yitmasin nadomat, g‘amda.

    Hol so‘rab kelganda akam so‘roqlab,
    Andishalarimni bir-bir so‘zladim.
    –Yo‘l toping, qutqaring, ketmang uzoqlab,
    Qondoshga qondoshdek dildan bo‘zladim.

    Akam – Ramazonboy – g‘amxo‘r, serfarzand,
    Olti nafar nonxo‘r bitta boshiga.
    Menga yetgan alam – unga og‘ir dard,
    Yoqasi ho‘l ko‘zdan oqqan yoshiga.

    Xayrlashdik. Ketdi. G‘am yetagida,
    Ortidan qoldim men boqib, mung‘ayib.
    Ko‘mak yetmasa gar o‘z keragida,
    Shohlar ham gadolar – ayanchli, g‘arib.

    To‘y uchun boqilgan atama novvos,
    Gala qo‘y-bo‘rdoqi bozor to‘ldirmish.
    Tortishmay savdoda tantilarga xos,
    Najot yo‘lin akam ko‘p pulda ko‘rmish.

    Maskovning Markazkom xonasigacha,
    Qo‘llab, eltdi uni halol aqchasi.
    Firoqning eng yirik donasigacha,
    Mo‘may pul sehridan erir barchasi.

    Yordam qo‘lin darhol cho‘zishdi dadil,
    Sharofxon otaga etdilar farmon.
    –Shoirga javob ber, bir ilojin qil,
    Bilimli insonlar bo‘lmasin sarson.

    Osongina bo‘ldi mushkilotim hal,
    Rashidov chorladi o‘z huzuriga.
    Qabuliga kirdim bo‘lmayin mahtal,
    Dardimni so‘yladim ota o‘ziga.

    –Havaskor qalamkash edim, g‘o‘r nihol,
    Mashqlarim mazmuni kimgadir yoqmay.
    Kulfatlar keltirdi boshimga hadsiz,
    Yuribman men bugun yurtimga sig‘may.

    She’rimning g‘oyasi koni zararmish,
    Xalqqa qutqu solib, urarmish yo‘ldan.
    Kishanlashsa meni – bo‘larmish xo‘p ish…
    Shu taxlit hujumlar yog‘di o‘ng-so‘ldan.

    Xumordan chiqqancha turtkilab o‘bdon,
    Turmaga ro‘para etdilar oxir.
    Ayirdilar meni tug‘ilgan to‘pdan,
    Yordam bering, ota, men bitta sag‘ir.

    Ko‘makni ayamang, suyangan tog‘im,
    Jon yetdi ramaqqa, bo‘lmayin uvol.
    Quridim, yosh to‘kmas endi qarog‘im,
    Jonimning qasdidan qaytmog‘im mahol!

    Kuzatdilar meni o‘z dargohidan,
    Mehr-la erkalab, ovozi g‘amgin:
    –Sinib ketmay beli minglar ohidan,
    Yer bizni ko‘tarar, nolimay g‘amdin.

    Shuur ham, zamon ham jilovlangandir,
    Jilovi, sezibsan, nopok qo‘lida.
    Hur fikr bo‘g‘ilgan yo ovlangandir,
    Har doim hayotning so‘ngsiz yo‘lida.

    Vatan ham buguncha vatanlik qilmas,
    Tayyormas farzandlar qadrin anglashga.
    Og‘ir bo‘l, bu kunlar abadiy emas,
    Yog‘masin balolar, ukajon boshga!

    Qondoshlar qoshiga qaytdim quvonib,
    Ona qishloq oldi saxiy bag‘riga.
    Boshdan kechganlardan so‘zladim yonib –
    Akam topdi davo uka dardiga.

    Quvonchlarim uzoq etmada davom,
    Qishloqda kutmabdi meni hamma ham.
    «Mavfkurasi yot!» – deb aylashib badnom,
    Soldilar qalbimga adadsiz alam.

    Komfirqa malayi ko‘rsatdi o‘zin,
    Hamtovoqlarini ayladi bir saf.
    Yuzimga tosh otdi chaqchaytib ko‘zin,
    –Bu yurtdan ket! – dedi necha noinsof.

    Raykomning gerdaygan, sur vakillari,
    –Bunda ish yo‘q senga! – deb ho‘mraydilar.
    Vakillar safida topilmay oqil,
    Shifokor naf’ini ko‘rmay qo‘ydilar.

    O‘qsik qalb ozurda manqurt jahlidan,
    Ne chora? – yo‘l oldim o‘zga o‘lkaga.
    Qondoshlar duosi, dushman ahdidan,
    Taskin berib munglig‘ aka ukaga.

    Xayr, mening yoshligim kechgan dalalar,
    Xayr, ko‘cha changitib o‘tgan yoshligim.
    Xayr, izimdan ko‘z yosh sochgan yangalar,
    Rozi bo‘ling, achchiq ekan taqdirim!

    1«Stukach» – xabarkash
    2«Xoxol» — «Paxan»ning o‘rinbosari
    3«Ushka», «Kukuruz», «Rodinka» – mahbuslarning erkaklik a’zolariga qo‘yiladigan belgilar.
    4«Petux» – maqbasxonada ayol vazifasini bajarishga majbur etilgan kishilarga beriladigan laqab

  • IV – BO‘LIM

    QARDOSHLAR YURTIDA

    Tojikiston ko‘ksini ochdi beminnat,
    Zumrad vodiy – Vaxsh maskanim bo‘ldi.
    Eliga sidq ila ayladim xizmat,
    Yuzim yorug‘, ko‘nglim g‘ururga to‘ldi.

    Mehnatim mevasi bo‘ldi zo‘r iqbol,
    Uchratdim bir qizni: dilbar, nozanin.
    Kasbimiz bir ekan: u ham shifokor,
    Angladi pokiza qalbimning sasin.

    Ko‘ksim ichra yurak – bezovta dunyo,
    Muhabbat domiga u asir kiyik.
    Dilbarim husniga dunyo sehri jo,
    Olchalab, olmayuz, ko‘zlari qiyiq.

    Har oqshom bog‘ sayri, visol, roz aytmoq,
    Bora-bora bizni ayladi moyil.
    Qo‘l ushlashib, yonib yonma-yon yurmoq,
    Bizni muhabbatga ayladi qoyil.

    Visolning shavqidan xo‘sh urib ilhom,
    Hislarim sharhini men g‘azal etdim.
    Sayr chog‘i edi, sururli oqshom,
    –G‘azalni o‘qing, — deb gulimga tutdim.

    Ishq yo‘lida jondan kechmoq oshiqlikda oz bo‘ladir,
    Muhabbat baxti kulganga doimiy hamroz bo‘ladir.
    Bo‘yga yetgan qiz bolaning barchasidir birday go‘zal,
    Shunday suluv arazi ham shiringina noz bo‘ladir.

    Ximcha belda o‘rmalagan sochlar erur jon ofati,
    Yoqut lablar tabassumi chehraga pardoz bo‘ladir.
    Yorug‘ dunyo yarashig‘i muhabbatu odob erur,
    Odobi bor insonlarning taqdiri ham soz bo‘ladir.

    Ikki ko‘ngil suv ichsa gar, oshiq-ma’shuq deyiladi,
    Erta-indin to‘y bo‘lgusi deyishgani rost bo‘ladir.
    Ishqing asrab umr bo‘yi vasfing so‘zlab tugatmayin,
    Yurish faqat men oshig‘ing – Murtazoga xos bo‘ladir.

    She’rimni qo‘liga tutgach dilorom,
    Entikdi. Chaqnadi xumor ko‘zlari.
    Bahorday yashnatdi bag‘ishlab orom,
    Qalbning she’rga ko‘chgan o‘tli so‘zlari.

    –Bu qo‘shiq-ku, kuyga ham tushar oson,
    Qo‘shiqchi shoirga o‘xshaysiz juda, —
    Mehri olovlandi, quvonchi ummon,
    Yuzlari oydayin ko‘rindi tunda.

    –Siz esa go‘yoki mohir bastakor,
    G‘azalim bahosin tutdingiz baland.
    Ishqingiz misoli sehrli bahor,
    Bu g‘azal-shavqingiz ato etgan dard. –

    So‘zlardim men to‘la samimiyat-la,
    –Kim o‘zin maqtaydi? – deya kulishdik.
    Visol zavqin etib gulzorga hadya,
    Xayrlashdik – yettinchi osmonda uchdik.

    Uyiga ketdi u. Men qoldim yolg‘iz,
    Yulduzli osmonning sehri yo‘qoldi.
    Gulzorda ko‘zlari to‘rt bo‘lib nargiz,
    Tomoshaga to‘ymay, xayolga toldi.

    Oradan kun o‘tdi – visolsiz umr,
    Uchrashuv – sho‘x ohu, tutqich bermadi.
    Bezovta ko‘nglida bitganday surur,
    Visolning bog‘idan gullar termadi.

    Uch kun o‘tdi. Tushda duch keldik ikkov,
    Ko‘zida hayajon, yuzi alanga.
    So‘zlolmay qaytdi u orqaga darrov,
    Onasi chorlabdi meni yoniga!

    O‘t – otash orasi bo‘ldi makonim:
    –Notanish ayolga ne deyman to‘yqus?
    Dardimni aytmasam, azobda jonim,
    Orom begonadir kecha va kunduz.

    Bordim, hovli – gulzor. Sahnida so‘ri,
    Nuroniy onaxon oldilar qarshi.
    Ko‘zida mujassam butun qalb qo‘ri,
    Onamni eslatdi ro‘mol o‘rashi.

    Boqishi, yurishi, so‘zlash ohangi,
    Bo‘yi-yu, choy tutish, ham taklifoti.
    Hattoki sochlarin kumushday rangi,
    Onamni eslatdi (o‘chmagay yodi)…

    So‘rashdik hol-ahvol qadrdon misol,
    Tanishdek go‘yoki ming yildan beri.
    So‘zlab taqdirini etdi meni lol,
    Vujudim qamradi sarguzasht sehri.

  • ONA HIKOYATI

    Panjakentdamiz. Otam Salohiddin bog‘bon edilar. Hofizu Bedilni sevib o‘qirdilar. Diniy kitoblarning nodir namunalari uyimiz kitob toqchalarining bezagi edi. Akademik Okladnikov Mug‘ qal’asida arxeologik qazish ishlari olib borganda, tarixiy yodgorliklarni – topilmalardagi qadimiy yozuvlarni o‘qish, o‘rganishda otam u kishining yaqin ko‘makdoshi, do‘sti edi. Mastchohlik Tug‘ral qadrdoni edi. Otashzabon, nozikbayon shoir uyimizga tez-tez tashrif buyurib turardi: ilmli hamqishloqlarimiz davrasida bo‘ladigan rohatijon suhbatlarga har doim zavq, mazmun, joziba bag‘ishlardilar, shoir qurbon bo‘lishlaridan sal oldin uyimiz devoriga quyidagicha baytni yozgan edilar. (Go‘yo o‘ldirilishini bilgandek. Tavba!)

    «Man navistam dar devori in xona,

    Az mani miskin bimonad nishona».

    1937 yil. Mash’um qatag‘onning shum qadami bizning kamsuqum xonadonga ham surlik va zo‘ravonlik bilan bostirib kirdi. Qatag‘onning shafqatsiz, zolim, zaharli changali otajonimning yoqasidan tutib, o‘pqon yanglig‘ hech to‘ymas mudhish komiga tortdi.

    Qiblagohimga yopishtirilgan yorliq: Quloq, zaharli diniy aqidalarni yoyuvchi, sovet tuzumining ildiziga bolta uruvchi g‘oyalarni tashiydigan zararli, yangicha hayotga og‘u bo‘luvchi qadimiy qo‘lyozmalarni to‘plovchi va asrovchi nomatlub shaxs!

    NKVDning pagon taqqan sodiq iskovchilari vintovka nayzalari bilan uyimiz devorlarini, shiftini, mo‘rilarni ilma-teshik qilib yubordilar. Qariyb o‘ttizta fanning turli sohalariga mansub, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan nodir qo‘lyozmalardan mahrum bo‘dik. Mayli. Biroq otajonimiz afsus, dom-daraksiz ketdilar. Uch qiz, ikki o‘g‘il ota diydoridan mahrum

    chirqirab qoldik. Nochor tirik yetim bo‘ldik. Nasibamizni qidirib Vaxsh vodiysiga keldik. Mirishkor bog‘bonning farzandlari paxtakor dehqon bo‘ldik. Endigina yetimlikni unutib nafas rostlaganimizda, mamlakatimizga fashistlar Germaniyasi xoinona, yovuzlarcha hujum qildi. Ikki aka urushga safarbar qilindi. Borsa kelmas safarlaridan omon-eson qaytib keldilar. Urush davrida uch qiz chirqirab, qora qon qaqshadik. Singillarim kolxozda ishlashardi. O‘zim o‘qituvchilar kursini bir amallab bitirgan edim, maktabda yoshlarga ta’lim-tarbiya berish ishi bilan shug‘ullandim. Jangdan omon qaytgan Sobirboy yostiqdoshim bo‘ldi, u san’atsevar inson, musiqa asboblarini, ayniqsa, g‘ijjakni mohirona chalardi. Tinch-totuv yashadik, ikki qiz ko‘rdik. Peshanamizga o‘g‘il bitmagan ekan. Katta qizim Xosiyatoy vrachlikka o‘qimoqda, hozir to‘rtinchi kursda. Siz unga xaridor ekansiz. Unga atab yozgan she’rlaringizni o‘qidim, yaxshi. Otam rahmatlik: «She’r yozuvchi, kitob o‘qishni sevuvchi odamdan yomonlik chiqmaydi», — derdilar. Men roziman, o‘g‘lim bo‘ling, yaxshi niyat yor bo‘lsin. To‘y tadorigini ko‘ring, o‘g‘lim…

  • OSHIQNING DIL IZHORI

    Taqdirimizda o‘xshashlik ko‘rdik. Sizlarni turtgan, sarson qilgan yovuzlikning sovuq changali bizning oila yoqasidan ham tutgan, qiyratgan. Katta bobom Mirzo Hakim, momam (otamning onasi) Mang‘itoy, bobom – Mirzoning bo‘lasi Juma Jildam Buxoro amiri saroyida voiz, shoir sifatida e’tirof etilgan. Katta bobom Mirzo Hakim va Mang‘itoy momom har ikkisi ham fors, arab tillarini mukammal bilganlar, shu tillarda bitilgan ko‘plab ilmiy qimmatga ega bo‘lgan qalin-qalin kitoblarning sohibi bo‘lganlar. Sho‘ro tuzumning dastlabki qurilish-tiklanish davrlarida eskicha bilimga ega bo‘lgan, eski yozuvdagi kitob-qo‘lyozmalarni saqlaganlar, o‘qiganlarni qatag‘on qilish kuchayganda, katta bobom Mirzo Hakim va bobom Mirzo avloddan-avlodga meros sifatida o‘tib kelayetgan kitoblarni 3 tuyaga va ro‘zg‘or ko‘ch-ko‘ronini 6 tuyaga yuklab, chet elga yo‘l olgan ekanlar. Ularni Amudaryo qirg‘og‘ida, Chorjo‘yga yaqin yerda NKVD xodimlari tutib, otib tashlaganlar. Kitoblar daryoga oqizilib, ro‘zg‘or anjomlari musodara qilib yuborilgan.
    Otamning bo‘lasi Juma Jildamni 1934 yilda, Amakim – otamning akasi Mirzo Bozorboy 1941 yili kulaksan, deb «troyka» ottirib yuborgan. 16-17 yoshli kichik amakim o‘ldirilgan. Otam Mirzo Ulug‘ Vatan urushida halok bo‘gan. Xullas, biz Mirzolar avlodidanmiz. Amirlik saroyi mirzoligi – sehrli so‘z ijodkorligi bizga ota merosdir. Ajdodlar izidan borib, men ham yoshlikdan ijod bilan shug‘ullanaman. Komfirqa mafkurasi bilan murosa qilolmay, yozganlarim uchun ona yurtimdan badarg‘a qilindim. Tojik diyoriga kelib, Sizning qizingizni uchratdim. Taqdirimiz payvandlashuvi orzusi – u bilan ikkimizniki. Roziligingizni eshitib, boshim osmonga yetdi. Bugundan boshlab onamsiz, onajonimsiz! Yetimlik, g‘ariblik, yolg‘izlik balosidan meni qutqargan muhtarama xaloskorimsiz! Yaratganning menga
    taqdim etgan ushbu in’omiga ming-ming shukr! Umrimning sarob ufqlari tugagani rost bo‘lsin, onaginam!..

  • XOTIMA

    Shahid bobolarim ruhi bo‘ldi yor,
    Yaxshilar bosh qo‘shgach, bo‘ldi katta to‘y.
    Quvonchim cheki yo‘q – dunyo menga tor,
    Yorim bor, menga yot yolg‘iz degan o‘y.

    Qutlug‘ to‘y ayyomi, ona ko‘ngli choq,
    Mudragan umidim chirog‘i yondi.
    Meni yetaklagan orzulardir oq,
    Baxt nashidasidan xumorim qondi.

    Gul yuzli Xosiyat yonimda har dam,
    Sodiq qo‘sh yurakka hamdamdir ona.
    Baxtiyor farzandlar to‘hfai taqdir,
    Kelin-kuyov sham’u, ona – parvona.

    Quvonch kirib keldi umrimga dadil,
    Onayu yer baxti g‘amim aritdi.
    Halollik va soflik hakamdir odil,
    Do‘st mehri, mehnatim ko‘z yoshim artdi.

    Umr daryo yanglig‘ shoshmay odimlar,
    Er-xotin – shifokor, xizmatdamiz biz.
    Yaratgan in’omi-shirindir komlar,
    Ikki o‘g‘il ko‘rdik, bitta dilbar qiz.

    Ona bag‘ri butun, ko‘ngil to‘q edi,
    Azimjon, Azizu Shifo – nevara.
    Risolat ham Zebo – chevara yupanch,
    Ko‘ksida qolmadi armondan zarra.

    Chunki bor kuyovi – boshga soyabon,
    Ikki qiz – har lahza ishonchli tog‘i.
    Unga nevaralar – nur to‘la jahon,
    Chevaralar erur bulbuli bog‘i.

    Chunki xayrlidir ona ertasi:
    Sarsonlik, zoriqish taqdirida yo‘q;
    Umri tugab, yerga tegsa yelkasi,
    Tobutbardori bor – ona ko‘ngli to‘q.

    Sanginoy onamiz, orzusi – bayroq,
    Oila ahliga faxr hamisha.
    Sanginoy mehridir bezavol mayoq,
    Shuurga nurlari tatir hamisha.

    Oltita o‘n yillik umrni qarang,
    Go‘yoki lahzada yashab qo‘yibman.
    Har kunim qissasi, aytsam rang-barang,
    Mashaqqat-la baxtga sohib bo‘libman.

    Baxtimga bor bo‘lsin onam Sanginoy,
    Xosiyatim – yo‘ldoshim yonimda har dam.
    Azim, Aziz, Shifo – umrimga chiroy,
    Bor bo‘lsin, sog‘ bo‘lsin barcha nevaram.

    Zuryodim zuryodi Hasanu Husan,
    Peshonam sho‘rini yuvguvchi buloq.
    Qoqinsam, yonimda der: menga suyan,
    Ularning boridan hayotim quvnoq.

    Zeboyu Risolat tinmay chuldirar,
    Achamlari lazzatin tasviri qiyin.
    Ular toleimga bitgan chin gavhar,
    Qilig‘i, so‘zlari shirindan – shirin.

    Keksalik gashtining zavqini surmoq,
    Nasib etsin menga ko‘plar qatori.
    Nasib etsa haqning sonida turmoq,
    Qaytadan boshlanur umrim bahori.